Shrift o'lchami Rang Rasm

Saylovchilarga

Nomzodlarga

Kuzatuvchilarga

OАV

Saylov komissiyalari aʼzolariga

Xizmatlar

O'quv qo'llanmalar




Hozir saytda 24 nafar foydalanuvchi

OʼZBEKISTON – GERMАNIYA: SАYLOVLАR SOHАSIDАGI HАMKORLIK MUSTАHKАMLАNMOQDА

×

 2021-06-08 14:43:48    113

PDF yuklash
Chop etish


Germaniya Federal Respublikasining saylovlar boʼyicha federal vakili ofisi tashabbusi bilan Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi oʼrtasida videomuloqot oʼtkazildi.


Onlayn uchrashuv saylovga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish borasida oʼzaro tajriba almashish hamda ikki mamlakat saylov organlari oʼrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalariga bagʼishlandi.


Tadbirda Oʼzbekiston bilan Germaniya oʼrtasidagi hamkorlik aloqalari barcha yoʼnalishlar singari, saylovlar sohasida ham rivojlanib borayotgani va bunda ikki tomonlama yuksak darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlar muhim omil boʼlayotgani alohida taʼkidlandi.


GFRning saylovlar boʼyicha federal vakili oʼrinbosari Xayn-Kristof Xerbertts Germaniya saylov tizimining oʼziga xos jihatlari haqida maʼlumot berdi. Mamlakatning qonun chiqaruvchi hokimiyati federal, mintaqaviy va mahalliy parlamentlardan iborat. Saylovda oʼn sakkiz yoshga toʼlgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega. Saylovda saylovchilar toʼgʼridan-toʼgʼri ovoz beradi va bir saylovchi bir ovozga ega. Saylovga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish, ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini eʼlon qilish, Oʼzbekistondagi kabi, ochiq-oshkora amalga oshiriladi.
Federal darajada va federal yerlar (hududlar) darajasida asosan siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlar koʼrsatiladi. Bundestagga – Germaniya oliy qonun chiqaruvchi organiga – deputatlar toʼrt yilga saylanadi. Parlament aʼzolari tarkibining yarmi majoritar tizimda saylanadi.


Bundestagga saylov kunini Federal Prezident tayinlaydi: yakshanba yoki qonun boʼyicha dam olish kuni etib belgilangan sana saylov kuni deb belgilanishi mumkin. Saylovda saylovchi shaxsan oʼzi ovoz beradi. Saylovchilar roʼyxatida qayd etilgan yoki ovoz berish huquqini beruvchi guvohnomaga ega fuqarolargina ovoz berishi qonunan qatʼiy belgilab qoʼyilgan.
GFR tomoni joriy yilning 24 sentyabrь kuni Germaniya parlamentiga saylovlarda Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillarini xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qildi.


Muloqot chogʼida Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining oʼrinbosari Bahrom Qoʼchqorov mamlakatimizda joriy yilning oktyabrь oyida boʼlib oʼtadigan muhim siyosiy voqea – Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi koʼrilayotgan tayyorgarlik jarayoni, milliy saylov tizimi va saylov qonunchiligidagi yangiliklarga eʼtiborni qaratdi.
Shu yilning 8 fevralь kuni qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun saylovlarni milliy saylov qonunchiligi va umum eʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari asosida oʼtkazishda muhim omil boʼlayotgani alohida taʼkidlandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʼrish boʼyicha asosiy tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar izchillik bilan amalga oshirilayotir. Jumladan, Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish kontseptsiyasiga binoan saylov jarayoni ishtirokchilarini tizimli ravishda oʼqitish, saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlash bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etmoqda.


GFR saylovlar boʼyicha federal vakili ofisi vakillari joriy yilda boʼlib oʼtadigan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif qilindi. 
Samimiy tajriba alamashish va doʼstona ruhda oʼtgan muloqot chogʼida kelajakda oʼzaro hamkorlik va tajriba almashishni davom ettirishga kelishib olindi. 
 Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati